Ajal ilon
Ajal ilon (Acanthophis antarcticus) – aspidlar oilasiga mansub ilonlarning bir turi, yoʻgʻon va kalta gavdasining koʻrinishi qora ilonlarga oʻxshab ketadi. Uzunligi 75 sm gacha, keng va yapaloq uchburchak shakldagi boshi siqiq boʻyni orqali tanasidan aniq ajralib turadi. Koʻzusti qalqoni yon tomonga turtib chiqqan, tanasi ustidagi tangachalarida qovurgʻachalar boʻladi. Baqa va mayda qushlar bilan oziqlanadi. Avstraliya, Yangi Gvineya, Malakka va ularga qoʻshni orollarda tarqalgan. Ajal ilon koʻpincha soʻqmoq yoʻllarda va quyosh tushadigan boshqa ochiq joylarda kulcha boʻlib isinib yotadi. Xavf tugʻilganida boshqa ilonlarga oʻxshab qochishga yoki yaqinlashayotgan dushmanini qoʻrqitishga harakat qilmaydi. Himoya rangiga ega boʻlganidan piyoda yoʻlovchi uni sezmasdan juda yaqin kelib qolganida chaqadi. Ajal ilon zahari boshqa aspid ilonlar zahariga nisbatan kuchsiz boʻlsada, u chaqqan odamlarning aksariyati oʻladi. Shu sababdan bu ilon Ajal ilon deb ataladi.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |