Limfotsit va uning turlari
Ushbu sahifani Limfotsitlar bilan birlashtirish taklif etiladi. (munozara) |
Limfotsitlar umurtqali hayvonlarning immun tizimidagi oq qon hujayralari (leykotsitlar) turidir.[1] Ular ayrisimon bez, limfa tugunlari, taloq va koʻmikda ishlanib chiqadi. Limfotsitlar kichik (4,5—6,5 mkm), oʻrta va yirik diametrli (10—18 mkm) xillarga boʻlinadi. Limfotsitlar amyobasimon harakat-lanish, shuningdek, monotsitlar, makrafaglar, fibroblastlar (fagotsitoz qiladigan yirik hujayralar) va boshqalarga aylanish xususiyatiga ega; u himoya vazifasini bajaradi; antitelolar hosil boʻlishida (plazmatik hujayralarga aylanib) ishtirok etadi, boshqa hujayralarga oziq moddalar yetkazib beradi va hokazo. Qonda limfotsitlar sonining kamayishi limfotsitopeniya, koʻpayishi esa limfotsitoz deyiladi.[2] Limfotsitlarga mansub tabiiy "killer" (qotil) hujayralar (hujayra vositasidagi, sitotoksik tugʻma immunitetda qatnashadi), T hujayralari (hujayra vositachiligida, sitotoksik adaptiv immunitet uchun) va B hujayralari (gumoral, antitelo tomonidan boshqariladigan adaptiv immunitet uchun) kiradi.[3][4] Ular limfada aylanishda joylashgan hujayraning asosiy turi boʻlib, "limfotsitlar" nomini oladi.[5] Limfotsitlar harakatdagi oq qon hujayralarining 18% dan 42% gacha qismini tashkil qiladi.[3] Morfologik jihatdan ikki: katta va kichik shakli farqlanadi va bu tuzilishlar oʻzaro oʻxshash. Limfositlar yadrosi yirik, yumaloq boʻlib, deyarli butun hujayra hajmini egallaydi. Yadrosi toʻq koʻk rangga boʻyaladi. Sitoplazmasi juda kam miqdorda, granulalarsiz, och koʻk rangda boʻyaladi. Limfotsitlar qobigʻida yot moddalarga nisbatan yuksak sezuvchanlikka ega boʻlgan retseptorlar borligi tufayli, ular organizmning “oʻzinikini” va yotni ajrata bilish qobilyatiga ega. Funksional subtiplar rivojlanishiga koʻra, kichik limfositlar uch turga boʻlinadi.[6]
Turlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]B-limfositlar – suyak iligida ishlanadi va ammo keyingi tafovutlanishi ichak, chuvalchangsimon oʻsimta, tanglay va halqum limfoid toʻqimasida kechadi. Qushlarda bu limfotsitlar fabritsiy xaltasi (bursa)da rivojlangani sababli B nomini olgan.[7] Ular limfotsitlarning 20-30% qismini tashkil qiladi. B limfotsitlarning asosiy funksiyasi antitelolar hosil qilish orqali gumoral immunitet yaratishdir. Antigenlar bilan uchrashgandan soʻng B limfotsitlar koʻmik, taloq va limfa tugunlariga borib koʻpayadi va plazmatik hujayralarga aylanadi. Plazmatik hujayralar esa immunitetning gamma globulinlarini ishlab chiqarishga javobgardir. B limfotsitlarning oʻzi: B killerlar, B xelperlar, B supressorlar va immunologic xotira hujayralari ajratiladi.[8]
T-limfositlar suyakda sintezlangandan keyin, timusda qayta ishlanadi va hujayraviy immunitetni hosil qiladi.[7] Ular barcha limfotsitlarning 40-70% qismini tashkil qiladi. T limfotsitlar hujayra immuniteti reaksiyalarini bevosita amalga oshiradi. Ular yot hujayralar, jumladan oʻsma hujayralari, yot transplantat hujayralar va mutant hujayralarni fagositoz orqali yemirilib genetik gomeostazni amalga oshiradi. T limfotsitlar limfokinlar nomli immunitet mediatorini ishlab chiqaradi va immun xotira vazifasini bajaradi. T limfotsitlar ham bir necha turlarga boʻlinadi: T killerlar – yot hujayralarga (antigenlarga) xujum qilib ularni yemiradi yaʼni hujayra immuniteti reaksiyasini amalga oshiradi. T xelperlar (yordamchilar) hujayra va gumoral immunitetning sodir boʻlishini yengillashtiradi. T supressorlar B limfotsitlarning xaddan ortiq reaksiyalarini blokada qilib, boʻgʻib qoʻyadi. Limfotsitlarning yana bir turi – xotira hujayralarining vazifasi antigenni eslab qolish va ikkinchi marta organizmda paydo boʻlsa, ishonchli mudofaani taʼminlashdan iborat.
Tabiiy killerlar (natural killerlar/NK) hujayraning tugʻma immunitetni hosil qiladi. Bunda NKlar IgG bilan qoplangan har qanday hujayrani oʻldiradi. Bu jarayon antigenga bogʻlangan hujayra vositachiligidagi sitotoksiklik deyiladi. NKlar oʻsma hujayralariga va virus bilan zararlangan hujayralarga yuqori sitotoksik ta’sir koʻrsatadi.[9][7]
Limfotsitlarning funktsional subtiplari morfologik jihatdan ajralib turmaydi, ammo ular immunokimyoviy usullar bilan aniqlanadigan, oʻziga xos sirt molekulalariga ega. NK hujayralarida identifikatsiya qiluvchi sirt markerlari yoʻq.
Limfositlar harakati va umri
[tahrir | manbasini tahrirlash]Suyak iligida va timusda qayta ishlangan T va B limfositlar periferik qonga chiqariladi. Ularning periferik qondagi miqdori 7:3 nisbatda boʻladi.[6] Periferik qondagi limfositlar bir necha soatdan soʻng periferik limfa tugunlari, limfoid folikulalar, hazm sistemasiga bogʻlangan limfoid toʻqimalar, taloq, nafas va ayirish sistemasiga bogʻliq boʻlgan limfoid folikulalarga oʻtadi va u yerdan yana periferik qonga chiqariladi. Limfoid toʻqimalarda jami limfositlarning 2%i boʻladi.[7] Limfositlar organizm ehtiyojiga koʻra limfoid folikulalarda toʻplanadi va yana qonga chiqarib turiladi. Shu zaylda ular bir necha oy va yillab yashashi mumkin.
Vazifasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]T-limfositlar hujayra vositachiligi immunitetni shakllantiradi. T- limfositlar asosan virusli infeksiyalarga va oʻsma hujayralariga qarshi ta’sir koʻrsatadi. T-limfositlarning ta’sir mexanizmi quyidagi jarayonlar bilan ta’minlanadi:
Hujayraviy immunitet reaksiyalari va yuqori sezuvchanlik reaksiyalari. Hujayraviy immunitet reaksiyalari T-killerlarning CD3+ va CD8+ vositalari bilan, yuqori sezuvchanlik reaksiyalari esa CD4+ vositasi bilan amalga oshiriladi;[7]
Immunoregulyatsiya funksiyasi T-limfositlarning CD4+ vositasi bilan va B hujayralar bilan, shuningdek, gemopoetik blast hujayralarga ta’sir koʻrsatish orqali amalga oshiriladi.
Limfositlar miqdorining oʻzgarishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Limfositoz
[tahrir | manbasini tahrirlash]Limfosit absolyut miqdorining ortishi (>4000/mm3).
Fiziologik sabablar:
- Chaqaloqlarda va yosh bolalarda, limfotsitlar differensial miqdori ortadi (absolyut koʻrsatkichi emas!)
- Ayollarda hayz vaqtida
Patologik sabablar:
- Sil, gepatitlar va koʻkyoʻtal kabi surunkali infeksiyalarda
- suvchechak kabi virusli infeksiyalarda
- triotoksikoz kabi autoimmun kasalliklarda
- yuqumli mononukleoz va limfatik leykemiya
Limfopeniya
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Limfopeniya yoki limfositopeniya leykositlar absolyut miqdorining kamayishi (<1500/mm3). Sabablari:
- Nurlanish
- Kortikosteroidlar va immunodepressiv preparatlar bilan davolanish
- Suyak iligi gipoplaziyasi
- OITS
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Janeway C, Travers P, Walport M, Shlomchik M (2001). Immunobiology (5th ed.). New York and London: Garland Science. ISBN 0-8153-4101-6.
- ↑ OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
- ↑ 3,0 3,1 Omman, Reeba A.; Kini, Ameet R. (2020). "Leukocyte development, kinetics, and functions". In Keohane, Elaine M.; Otto, Catherine N.; Walenga, Jeanine N. (eds.). Rodak's Hematology: Clinical Principles and Applications (6th ed.). St. Louis, Missouri: Elsevier. pp. 117–135. ISBN 978-0-323-53045-3.
- ↑ Cohn, Lauren; Hawrylowicz, Catherine; Ray, Anuradha (2014). "Biology of Lymphocytes". Middleton's Allergy: Principles and Practice (8th ed.). Philadelphia: Saunders. pp. 203–214. doi:10.1016/B978-0-323-08593-9.00013-9. ISBN 9780323085939. Retrieved 22 July 2020.
- ↑ "NCI Dictionary of Cancer Terms". National Cancer Institute. Retrieved 22 July 2020.
A type of immune cell that is made in the bone marrow and is found in the blood and in lymph tissue. The two main types of lymphocytes are B lymphocytes and T lymphocytes. B lymphocytes make antibodies, and T lymphocytes help kill tumor cells and help control immune responses. A lymphocyte is a type of white blood cell.
- ↑ 6,0 6,1 Indu Khurana, Arushi Khurana: Textbook of medical physiology; 2nd edition, 2009.
- ↑ 7,0 7,1 7,2 7,3 7,4 Indu Khurana, Arushi Khurana: Textbook of medical physiology; 2nd edition, 2009.
- ↑ Artur Guyton, John Hall: Textbook of medical physiology; 14th edition, 2020.
- ↑ Linda Costanzo: Medical physiology; 6th edition, 2018.