Kitobat sanʼati
Bu maqolada ichki havolalar juda kam. |
Kitobat sanʼati (arab, kataba -yozish, yozmoq soʻzidan) — qoʻlyozma kitoblarni yaratish va ziynatlash. Markaziy Osiyoda (jumladan, Oʻrta Osiyoda) qoʻlyozma kitoblarni bezash juda qadimdan mahalliy madaniyat taraqqiyot bosqichlari bilan bogʻliq holda shakllangan. Eng qadimgi kitoblardan "Avesto" qoʻlyozmalari; sugʻd tilida yaratilgan "Vessantaraka jataka" asari (uning varaqlari turli mamlakatlar — Rossiya, Fransiya, Angliyada saqlanadi); sopol yuzasidagi bitiklar, charm oʻramlari, metall buyumlardagi yozuvlar, qogʻoz varaq taxlamalari (taxtachalar orasiga olib tizimchalar bilan bogʻlangan turi) va boshqa Oʻrta asrlarda umummusulmon yoki arab tilidagi qoʻlyozma anʼanalariga asoslangan Kitobat sanʼati toʻliq shakllandi va yuksak taraqqiyot darajasiga erishdi. Kitobat sanʼati hunarmandlar — qogʻozrez, xattot, lavvoh, moʻzahhib, musavvir, sahhof (muqovasoz) va boshqalardan iborat GURUH (jamoa) tomonidan bajariladigan jarayon boʻlib, Oʻrta va Yaqin Sharq islom tasarrufidagi davlatlarda bir xil usulda amalga oshirilgan. Qoʻlyozma kitob uchun yaxshi, sifatli qogʻoz tanlangan, xattot matnni qogʻozga yozishda maxsus qogʻozkarton (mistar) ustiga ip tortib uning izini matn yoziladigan qogʻozga tushirib olgandan soʻng xat yozilgan. Matnni joylashtirilishi xattotning mahoratiga bogʻliq boʻlgan. Bitilgan matnni lavvoh hoshiya qogʻozga yelimlagan. Ustidan jadvalkash ayni yopishtirilgan joydan turli ranglarda chiziqlar tortib, matnni jadvalga olgan. Soʻngra moʻzahhib suyultirilgan oltin va boshqa turli ranglar yordamida qoʻlyozmani ziynatlagan va "shams", "lavha", "sarlavha", "zarvaraq" "xotima" naqshlar bilan bezagan. Boʻsh qoldirilgan joylarga musavvir rasm (miniatyura) ishlagan. Musavvir, naqqosh nafis qamish qalam bilan rasmning asosiy tarhini, shakllar chizigʻini, zaminni, detallarni chizib, soʻng turli rangda (oltin, kumush ishlatgan holda) boʻyagan. Muqovachi qoʻlyozmani karton yoki charmdan ishlangan (naqsh zarb qilingan, boʻyoqlar, oltin bilan boʻyalgan) muqovaga biriktirgan, muqova qopqogʻi yogʻochdan baʼzan kumushdan quyib tayyorlangan hamda bosma, oʻyma va qadama naqshlar, yorqin rasmlar bilan bezatilgan. Oʻrta asrlar (8—12-asrlar)da mutafakkirlar, olimlar asarlari, asosan, arab tilida (Xorazmiyning "Kitobi surat al-arz" — "Yer tasviri kitobi", 1036; Beruniyning "Osor ulboqiya" — "Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar", 14-asr va boshqalar), keyinchalik (10—19-asrlar) fors tilida bitilgan va rasmlar bilan bezatilgan. Temuriylar davri (1370 — 1506)dan boshlab turkiy — oʻzbek tilida kitoblar yaratilishiga alohida eʼtibor berilgan. Saroy kutubxonalari va nufuzli shaxslar uchun tayyorlangan qoʻlyozmalar Kitobat sanʼatining yuksak namunasi darajasida yaratilgan. Mumtoz Sharq adabiyoti namoyandalari (Firdavsiy, Nizomiy, Dehlaviy, Bedil, Alisher Navoiy va boshqalar) asarlari, buyuk allomalar (Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulugʻbek va boshqalar)ning ilmiy asarlari qoʻlyozmalari shu usulda tayyorlangan Kitobat sanʼatining nodir durdonalaridir. Ularning aksariyati Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti fondida saqlanadi. Jumladan, shoira Nodira buyurtmasiga binoan xattot Muhammad Yusuf Dabir tomonidan 19-asrda Qoʻqonda koʻchirilgan Alisher Navoiyning sheʼrlar toʻplami — "Devoni Alisher Navoiy" qoʻlyozma kitobi ishlangan bezaklariga koʻra, dunyoda Kitobat sanʼatida yagona nusxadir. Unda musavvir va xattot Navoiy asarlari insoniyatga Quyoshdek nur sochib turishini ramziy tasvirlagan naqshlar mavjud. Kitobat sanʼati 20-asrgacha davom etgan. 20-asr 70—80-yillarida bir guruh olimlar (jumladan, A. Madraimov, Sh. Salimov, 111. Muhammadjonov va boshqalar) saʼy-harakatlari, ijodiy izlanishlari natijasida anʼanaviy qoʻlyozma kitob yaratish sanʼati — Kitobat sanʼati qayta tiklandi. Sh. Muhammadjonov Kitobat sanʼatida samarali ijod qilmoqda: "Navoiy lirikasi", "Kalila va Dimna", "Devonu lugʻotit turk", "Ipak yoʻli hikoyalari" va boshqa kitoblarni Kitobat sanʼati usulida nafis bezaklar, tasvirlar bilan bezatib tayyorladi. Elmira Ismoilova, Abdumajid Madraimov.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
Bu maqola birorta turkumga qoʻshilmagan. Iltimos, maqolaga aloqador turkumlar qoʻshib yordam qiling. (avgust 2024) |