Azoriqa
Azoriqa - xavorijlarning firqalaridan biri bo‘lib, uning boshlig‘i va asoschisi Abu Roshid Nofe’ bin Azraq. Abu Roshid Nofe’ bin Azraq uch yuzdan ortiq otliq odamlari bilan Abdulloh bin Zubayr (r.a.) xalifaligi hududiga kiruvchi Ahvoz, Foris va Kirmon mintaqalarini egallab, o‘sha yerdagi voliylar ustidan g‘alaba qozonadi. Ummaviy xalifaligi qo‘mondoni Muhallab bin Abu Sufra (v. 83/702) Azoraqa firqasiga o‘n to‘qqiz yil qarshi kurashib tor-mor keltiradi. A. firqasining mashhur qo‘mondoni Qotariy ibni Fujoa (78/697y.v.e.) bo‘lgan. A. firqasi o‘z fikrlarida va hukmlarida haddan oshgan edilar. Ular o‘zlariga muxolif bo‘lgan barcha musulmonlarni mushrik deb aytadilar va ularning da’vatiga shoshilmaydigan hamda mazhablarini qo‘llab-quvvatlamaydigan kishilarning hatto yosh bolalar va ayollar qonini halol deydilar. Ular Ali bin Abu Tolib (r.a.)ni kofirga chiqarib, u zotning qotili Abdurahmon ibn Muljamni ulug‘ shahid deb hisoblaydilar. Musulmon va boshqalarga ham keng ko‘lamda adovatda bo‘lgan. Ular boshqa musulmonlar bilan birga namoz o‘qishni harom qilib, ular bilan quda-anda bo‘lishni ham, so‘ygan jonliqlarni yeyishni ham o‘zlariga harom qilganlar. Musulmonlar yashaydigan diyorni “Dorul-harb (kofirlar diyori)” deb e’tibor qilishgan. Shuningdek ba’zi bir shar’iy hukmlarni ham bekor qilishgan[1].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Najmiddinov, Karimov, Turdiyeva 2017, s. 22-23.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Najmiddinov J., Karimov J., Turdiyeva D.. Dinshunoslik. Qomusiy lugʻat. Imom Buxoriy xalqaro markazi nashriyoti, 2017 — 480-bet. ISBN 978-9943-5105-3-1.
Bu maqola birorta turkumga qoʻshilmagan. Iltimos, maqolaga aloqador turkumlar qoʻshib yordam qiling. (Aprel 2024) |