Abu Muslim
Abu Muslim (laqabi; boshqa laqablari Abo Muslim, Abu Muslim Xurosoniy, Abu Muslim Marvaziy; asl ismi Abdurahmon) (taxminan 700-755) — fors xalqiga mansub, Xuroson va Movarounnahrda umaviylar sulolasiga qarshi harakat rahbari.
Isfahon viloyatidan chiqqan qul. Baʼzi, manbalarga koʻra, abbosiylarning Kufadagi targʻibotchilaridan Iso as-Sarrojning quli boʻlgan, boshqa bir manbalarga qaraganda, Isfahon viloyatida yashovchi bir arab, yirik yer egasining quli boʻlib, 738 yili xoʻjayini Kufa qamoqxonasiga tashlangan paytda Abu Muslim uning xizmatida boʻla turib as-Sarroj bilan tanishgan va uning topshiriqlarini bajara boshlagan. Keyinchalik abbosiylarning Xurosondagi targʻibotchilari rahbari Abu Salamaga sotilgan (yoxud berilgan). 744 yil boshida u bilan birga Xurosonga kelgan. Keyinchalik Abu Muslim alaviylardan Ibrohim ibn Muhammadga maʼqul kelgani tufayli unga tuhfa qilingan. Ibrohim uni ozod qilib, Abdurahmon deb ism qoʻygan va uni oʻziga yaqin tutgan. 747 yil martda Ibrohim Abu Muslimni umaviylarga qarshi tayyorlanayotgan harakatga rahbarlik qidish uchun Xurosonga oʻzining shaxsiy vakili sifatida joʻnatgan. May oyida u Marv vohasiga yetib kelib, bir oy ichida bir necha ming tarafdorlarini toʻplagan. Abu Muslim qullarga ozodlik berilishini vaʼda qilgan. Xuroson noibi Nasr ibn Sayyor qoʻshinlari ustidan gʻalaba qilib, 748 yil boshida Marvni egallagan. Abu Muslim shu yerdan turib Xuroson va Movarounnahrni egallanishiga rahbarlik qilgan. Abu Muslim Marvda koʻpgina qurilish ishlarini olib borgan, ilk bor xutbani oʻtirib emas, balki minbarda turib oʻqigan. Abu Muslimning hukmronlik davri notinch boʻlgan: 750 yilda umaviylar oʻrniga kelgan abbosiylar sulolasidan norozi boʻlgan Buxoro arablari qoʻzgʻolon koʻtarishgan va Movarounnahrning koʻpgina hokimlari xalifalikdan ajrab chiqishgan. Abu Muslim Samarqandgacha borib, uning istehkomlarini yangilagan va Movarounnahrga egalik qilish uchun kurash boshlagan. 751 yil iyulda uning sarkardasi Ziyod ibn Solih Taroz yonida Xitoy qoʻshinini tor-mor keltirgan va bu bilan abbosiylarning Sirdaryo ortidagi hududlariga egalik qilishlarini taʼminlagan. 752 yil boshida Abu Muslim Marvga qaytib kelgan, biroq oz fursatdan soʻng Movarounnahr noibi etib tayinlangan Ziyod isyon koʻtargan va Abu Muslimga yana Amudaryoni kechib oʻtishiga toʻgʻri kelgan. Abu Muslim qudratining oshib borayotgani abbosiylarni xavotirga solgan va ular uni yoʻqotish payiga tushishgan. 754 yil may-iyunda Abu Muslim hajga borish uchun Xurosonni tark etgan. Shu paytda as-Saffoh vafot etib, xalifalik taxtiga al-Mansur oʻtiradi. Mansur hokimiyatini amakisi, Vizantiyaga yurish qilgan qoʻshin koʻmondoni Abdulloh tan olmagan. Abu Muslim isyonchini tor-mor keltirgan (754 yil noyabr) va katta oʻljani qoʻlga tushirgan. Mansur oʻljani talab qiladi, bundan gʻazablangan Abu Muslim Xurosonga qaytgan. Biroq xalifa uni yoʻldan qoldirib Madoyin shahriga muzokaraga chaqirtirib keltirishga erishgan. Abu Muslim shu yerda 755 yil 12-fevral (yoxud 27-yanvar)da xalifa qabulida boʻlgan chogida oʻldirilgan. Sakkiz yillik faol diniy-siyosiy faoliyati davrida Abu Muslim „ashaddiy“ shialar taʼlimotiga yoki imomatlikka yaqinlashmagan boʻlsa ham uning oʻlimi zamonaviy mazdakiylar, shialarning bir qancha qoʻzgʻolonlarini keltirib chiqargan. „Ashaddiy“ shialarning ayrim firqalari uni imom deb eʼlon qilgan, abumuslimiya firqasi paydo boʻlgan. Bularning soʻnggi aks-sadosi Muqanna qoʻzgʻoloni hisoblanadi. Abu Muslim haqida Marvda udum boʻlgan rivoyat, afsonalar keyinchalik fors tilida (uning turkiycha varianti ham bor) yozilgan xalq romani — „Qissai Abu Muslim“ (oʻzbekcha „Abu Muslim jangnomasi“)ga asos boʻlgan.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Abu Muslim - Islom Ensiklopediyasi
- Abū Muslim — Britan ensiklopediyasi.
- Malikov, A. M. Kul't Abu Muslima i yego spodvizhnikov v Tsentral'noy Azii: varianty mifologizatsii // Etnograficheskoye obozreniye. №3. 2020. s. 141—160.
- Moscati, S. (1960). "Abū Muslim". In Gibb, H. A. R.; Kramers, J. H.; Lévi-Provençal, E.; Schacht, J.; Lewis, B. & Pellat, Ch. (eds.). The Encyclopaedia of Islam, New Edition, Volume I: A–B. Leiden: E. J. Brill.
- Yūsofī, Ḡ. Ḥ. (1983). "ABŪ MOSLEM ḴORĀSĀNĪ". In Yarshater, Ehsan (ed.). Encyclopædia Iranica, Volume I/4: Abū Manṣūr Heravı̄–Adat. London and New York: Routledge & Kegan Paul. pp. 341–344.