Kontent qismiga oʻtish

Davlat

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Davlat jamiyatning oliy siyosiy instituti boʻlib, shu jamiyat yashayotgan mamlakat fuqarolari manfaatini himoya qilish uchun oʻrnatiladi. Davlat mamlakat chegaralarini himoya qiladi, boshqa mamlakatlar bilan aloqada boʻladi, qonunchilik bilan shugʻullanadi va hokazo.

Davlatning kelib chiqishi

Davlat birdaniga yuzaga kelmaydi, balki asta-sekin, vujudga kelayotgan sinflar oʻrtasidagi ziddiyatlar kuchayishi davomida paydo boʻladi. Insoniyat davlat paydo boʻlguniga qadar oʻz taraqqiyotida uzoq yoʻlni bosib oʻtgan. Davlat ham, huquq ham boʻlmagan ibtidoiy jamiyat bir-biridan asosan ishlab chiqaruvchi kuchlarning rivojlanish darajasi bilan farq qiladigan yovvoyillik, varvarlik va tamaddun kabi uch bosqichni oʻtgan. Davlat hali urugʻchilik tizimi ishidayoq shakllangan boshqaruv organlarini qisman oʻzgartirib qisman yangi organlarni joriy etgan holda siqib chiqarib yuzaga keladi va nihoyat, ularni haqiqiy davlat hokimiyati bilan almashtiradi. Mehnat qurollarining rivojlanishi va takomillashishi, yirik ijtimoiy mehnat taqsimoti mehnat unumdorligi oshib, ortiqcha mahsulot hosil boʻlgan, bu esa xususiy mulkshillikka va jamiyatning mulkiy jihatdan qatlamlarga ajralishiga olib kelgan. Shu tariqa, asosiy mashgʻuloti xususiy mulkchilik munosabatlarini va mulkdorlar manfaatini muhofaza qilishdan iborat boʻlgan maxsus guruhlar vujudga kelgan. Ibtidoiy jamiyatda oqsoqollar, urugʻ va qabila boshliqlari hamda diniy hokimiyat sohiblariga tegishli boʻlgan ijtimoiy hokimiyat asta-sekin davlat hokimiyatiga aylangan. Agar davlat paydo boʻlgunicha mavjud boʻlgan jamiyatda ijtimoiy hokimiyatni saqlashning asosiy vositasi oliy ruhoniylarning shaxsiy obroʻsi boʻlsa, davlat hokimiyatining mohiyatini majburlash tashkil eta boshlagan. Insonning jamiyatdagi mavqei oʻzgargan. Oldin uning mavqei alohida shaxsning oilaga, uruqqa yoki qabilaga mansubligi bilan belgilansa, endilikda uning mavqei mulkiy holatiga va davlat hokimiyati egalariga shaxsiy yaqinligiga qarab belgilangan. Davlatning paydo boʻlishi turli xalqlarda turlicha yuz berdi. U oʻzining shakllanishi va rivojlanishida uzoq va murakkab yoʻlni bosib oʻtgan. Eng avvalo majburlashga asoslangan davlat dastlabki bosqichlarida yetarlicha rivojlanmagan siyosiy hosila boʻlgan.

Davlatning kelib chiqishi toʻgʻrisida quyidagicha nazariyalar mavjud:

  1. Teologik nazariya — davlatni xudo yaratgan degan gʻoyani ilgari suradi, teokratik davlat tarafdorlari fikrini aks ettiradi.
  2. Patriarxal nazariya — davlat kattalashib ketgan oiladan kelib chiqqan deb hisoblaydi. Nazariya dastlab Yunonistonda paydo boʻlgan va Aristotel asarlarida asoslab berilgan. XVII asrga kelib ingliz olimi Filmerning „Patriarx“ asarida rivojlantirilgan.
  3. Shartnoma nazariyasi — XYII- XYIII asrlarda tarqalgan boʻlib, unga koʻra davlat-oʻzaro kelishuv asosida va ongli tarzda birlashgan kishilar tashkiloti boʻlib, ana shu shartnoma asosida ular oʻzlarining erkinliklari va hokimiyatning bir qismini davlatga beradilar. Nazariyani Grotsiy, Spinoza, Lokk, Gobbs, Russo, Radishshev rivojlantirgan.
  4. Zoʻrlik nazariyasi— davlatning kelib chiqishi zoʻrlikka asoslanadi, bir xalqning boshqa xalqni bosib olishi bilan davlat tashkil topgan deb tushuntiriladi. Uning asoschilari — Gumplovish, Kautskiy.
  5. Irrigatsiya nazariyasi — Qadimgi Sharqda yirik irrigatsiya inshootlari qurilishi jarayonida davlat paydo boʻlgan deb tushuntiradi. Nemis olimi Vittfogelning „Sharq istibdodi“ asarida bayon etilgan.
  6. Sinfiylik nazariyasi — davlat jamiyatning qarama-qarshi iqtisodiy manfaatlarga ega sinflarga ajralichi tufayli kelib chiqqan deb tushuntiradi. Asoschilari — Karl Marks, F.Engels, V.I.Lenin.


Davlat va uning belgilari, shakllari

Davlatning mohiyatini tushunishda uch asosiy nazariy yondashuv mavjud:

  1. Ijtimoiy yondashuv;
  2. Sinfiy yondashuv;
  3. Siyosiy-huquqiy yondashuv.

Demak, davlat-umumiy muammolar va ishlarni hal etish vositasi, u hukmdorlar va xalqning oʻzaro munosabatini tartibga soladi — ijtimoiy yondashuv. Davlat sinflarning paydo boʻlishi bilan yuzaga kelgan, sinfiy kurash bir sinfning boshqasini bostirish quroli boʻlib xizmat qiladi — sinfiy yondashuv. Davlat jamiyatning va davlatning oʻzining hayotini tashkil etuvchi huquq manbaidir — siyosiy-huquqiy yondashuv. Davlat butun mamlakat miqyosidagi hokimiyatning maxsus boshqaruv va majburlov apparatiga ega boʻlgan, barcha uchun majburiy qonunlar chiqaradigan va suverenitetga ega boʻlgan yagona siyosiy tashkilotdir. Davlat-jamiyat siyosiy tizimining odamlar, guruhlar, sinf, tashkilot, hamkorlikdagi faoliyatini va oʻzaro munosabatini tashkil etuvchi, yoʻnaltiruvchi va nazorat qiluvchi asosiy institutdir. Davlat-hokimiyatning bosh institutidir. Hokimiyat davlat orqali oʻz siyosatini amalga oshiradi.

Davlatning asosiy belgilari:

  1. Davlat hokimiyatining, yaʼni hokimiyat va boshqaruv apparatining, majburlash apparatining mavjudligi.
  2. Aholining hududlar boʻyicha uyushganligi. Maʼmuriy-hududiy birliklarda yashash.
  3. Suverenitet-ishki va tashqi siyosatda toʻla mustaqil boʻlish.
  4. Huquqiy ijodkorlik. Bu ijtimoiy tuzumning mohiyatidan kelib chiqadigan va davlat tomonidan mustahkamlangan, ijro etilishi umumiy majburiy boʻlgan normalar, hulq-atvor qoidalari.
  5. Soliqlarning mavjudligi. Aholidan davlat apparatini saqlash hamda aholining kam taʼminlangan qismiga yordam berishga sarflanadigan soliqlarni toʻplash.
  6. Umuminsoniy funksiyalarni bajarish. Hududni qoʻriqlash, jinoyatshilikka qarshi kurash, umumiy farovonlik maqsadlarini amalga oshirish.

Davlatning asosiy funksiyalari:

  1. Ichki funksiyalar-davlat ichki hayotini boshqarishga qaratilgan faoliyatning asosiy yo`nalishlari:

a) regulyativ (tartibga solish, boshqarish); b) qoʻriqlash (saqlash, muhofaza qilish).

  1. Tashqi funksiyalar — davlatning xalqaro maydondagi faoliyatining asosiy yoʻnalshilari;

a) Xalqaro hamkorlik-tashqi siyosiy faoliyat, tashqi iqtisodiy faoliyat; b) Mudofaa va xavfsizlik.

Davlatning shakllari:

I. Boshqaruv shakli: monarxiya va respublika. Monarxiya mutlaq va cheklangan shakllarda boʻladi (absolyut va konstitutsion).

Respublika prezidentlik va parlamentar respublika koʻrinishida boʻladi. Masalan, Saudiya Arabistoni (mutlaq monarxiya) Buyuk Britaniya, Daniya, Norvegiya, Shvetsiya (cheklangan monarxiya, konstitutsion). AQSH, Oʻzbekiston Respublikasi (Prezidentlik) Avstriya, Italiya,Germaniya (Parlamentar).

II. Davlat tuzumi shakli: — unitar; oddiy, yaxlit davlat. — federativ, murakkab, ittifoqdosh davlat. — konfederativ- maʼlum bir maqsad yoʻlida birlashgan davlatlar ittifoqi. Masalan, AQSH, GFR, RF, Braziliya, Hindiston davlatlari — federativdir. Shveysariya (1848-yilgacha), Evropa Ittifoqi — konfederativ. Oʻzbekiston — unitar davlat.

III. Siyosiy rejimga ko`ra davlat shakllari. — Demokratik (vakillik demokratiyasi, bevosita demokratiya). — Antidemokratik (fashistik, totalitar).

Davlat mexanizmi

Jamiyatni boshqarish va xalq manfaatlarini himoya qilishni amalga oshiradigan davlat idoralari va muassasalari tizimi. Davlat idorasi (organi) — davlat mexanizmining qonunga muvofiq ravishda oʻz tuzilishiga, ijtimoiy hayotning muayyan sohasini boshqarish boʻyisha aniq belgilangan vakolatiga ega boʻlgan hamda davlat mexanizmining boshqa qismlari bilan uzviy aloqadorlikda boʻlgan va yaxlit birlik hosil qiladigan tarkibiy qismidir.

Davlat idoralari 3 turga bo`linadi

  1. Vakillik idoralari:

a) Qonun shiqaruvchi; b) Mahalliy hokimiyat va oʻzini oʻzi boshqarish idoralari.

  1. Ijroiya idoralari:

a) Markaziy idoralar; b) Davlat boshligʻi (monarx, prezident); v) Hukumat; g) Vazirlik va davlat qoʻmitalari; d) Mahalliy idoralar.

  1. Sud, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va konstitutsiyaviy nazorat idoralari:

a) sudlar; b) prokuratura; v) ichki ishlar vazirligi va uning organlari; g) adliya vazirligi; d) milliy xavfsizlik xizmati

Huquqiy davlat va uning belgilari

Huquqiy davlat — huquqning hukmronligi, qonunning ustuvorligi, barchaning qonun va mustaqil sud oldida tengligi taʼminlanadigan, inson huquqlari va erkinliklari kafolatlanadigan, hokimiyat vakolatlarining boʻlinish prinsipi asosida tashkil etilgan demokratik davlat. Huquqiy davlat gʻoyalarining ildizi juda chuqur. Uning boshida xalq hokimiyati tashkil etilishining nazariy asoslarini koʻrgan Salon, Aristotel, Sitseron turgan edi. XVII asrning mutafakkiri D. Lokk huquqning hukmronligi qonun hukmronlik qiladigan davlat koʻrinishida tasavvur qildi. Huquqiy davlat nazariyasining falsafiy asosini I.Kant ifodalab berdi. „Davlat- bu huquqiy qonunlarga boʻysundirilgan juda koʻp odamlarning birlashuvidir“ (I.Kant.Asarlar, 4-tom,233-bet). Huquqiy davlat gʻoyasining mohiyati-ijtimoiy va siyosiy hayotda huquqning ustun boʻlishidadir. Huquqiy davlat belgilari: 1) Huquqning hukmronligi; 2) Konstitutsiya va qonunlarning ustunligi; 3) Inson huquqlari va erkinliklariga rioya etish, ularni himoya qilish, taʼminlash; 4) Davlat va fuqaroning oʻzaro mas`uliyati; 5) Hokimiyat vakolatlarining boʻlinishi; 6) Sudning mustaqilligi; 7) Huquqni muhofaza qilish organlarining samarali ishlashi; 8) Huquqiy madaniyatning yuqori ekanligi; 9) Demokratiyaning rivojlanishi va takomillashuvi.

Andoza:Link GA