Anton Chexov
Anton Chexov | |
---|---|
Tavalludi | 17 (29) yanvar 1860[1][2] |
Vafoti | 15-iyul 1904[1][2] |
Ijod qilgan tillari | Rus tili[3] |
Fuqaroligi | Rossiya Imperiyasi[4] |
Anton Pavlovich Chexov (ruscha: Antón Pávlovich Chéxov; 1860.17 (29).1, Taganrog 1904.2 (15). 7, Badenveyler, Germaniya; Moskvada dafn etilgan) — rus yozuvchisi. Moskva universitetining tibbiyot fakultetini tugatgan (1884), shifokor boʻlib ishlagan. 1892—98 yillarda Moskva yaqinidagi Melixovo qishlogʻi (hozirgi Chexov shahri)da yashab, mahalliy dehqonlarga tibbiy yordam koʻrsatgan, ularning bolalari uchun maktablar ochgan. Sil kasali bilan ogʻrib, 1898-yil Yaltaga koʻchgan. Salomatligi yomonlashgach, 1904-yil iyunida Badenveyler (Germaniya)ga borgan va u yerda vafot etgan.
Ch. 80-yillarning 2-yarmida teatr uchun „Ivanov“ (1887—89), „Alvasti“ (1889, keyinchalik „Vanya amaki“ nomi bilan qayta ishlangan) pyesalari, „Toʻy“ (1889) bir pardali pyesasi, shuningdek, „Tamakining zarari haqida“ (1886), „Ayiq“ (1888), „Yubiley“ (1891—92) singari vodevillar yozgan. 90-yillarda Saxalinga sayohatga borib, katorga va surgun qilingan kishilarning fojiali turmushi bilan tanishgan. Ushbu sayohat xotiralari „6palata“ (1892) qissasi va „Saxalin oroli“ (1893—94) kitobida oʻz aksini topgan.
90-yillar oxiriga borib, Chexovning dramaturglik mahorati yuksak choʻqqiga erishdi. „Chayka“, „Vanya amaki“ (1896), „Uch opa-singil“ (1900—01), „Olchazor“ (1903—04) pyesalarining 1898-yil Moskva Badiiy teatrida sahnalashtirilishi Chexov ijodida yangi davr boshlanganidan darak berdi.
Chexov ijodi 3 davrdan iborat: 1) 80-yillarning oʻrtalariga qadar boʻlgan davr; 2) 80-yillarning oʻrtalaridan 90-yillarning boshlariga qadar boʻlgan davr; 3) 90-yillarning boshlaridan yozuvchi vafotiga qadar boʻlgan davr. Chexov ijodining dastlabki davrida turli noshirlarning didi va buyurtmasi bilan asosan hazil mutoyibadan iborat asarlar yozgan boʻlsa-da, shu davrdayoq yozuvchi ijodining asosiy mavzulari (inson va amal, goʻzallik va razolat, hayotning serhasham va gʻarb tomonlari va boshqalar) yuzaga chiqa boshladi. Chexov shu davrda yozgan „Semiz va oriq“, „Chinovnikning oʻlimi“ (1893), „Buqalamun“, „Niqob“ (1884), „Unter Prishibeyev“ (1885) singari hikoyalarida mavzuni kulgi yordamida yoritish, hajviy obraz yaratish, voqea va hodisalarni loʻnda tasvirlash sanʼatini mukammal egallaganini namoyish qiladi.
Chexov ijodining II-davrida yozuvchining markaziy mavzusi aniq qirralar kasb etadi. Qahramonning ruhiy olami va hatto voqea-hodisalarning rivoji emas, balki ijtimoiy munosabatlar va maishiy toʻqnashuvlarning qahramon xarakteriga taʼsiri masalasi Chexovning diqqat markazida boʻladi. Bu masala, birinchi navbatda, Ch.ning „Gʻilof bandasi“ (1898) hikoyasida oʻzining yorqin tajassumini topadi. Bu asarda gʻilof yolgʻon va zulmga, kimningdir aysh-ishrat qilib, kimningdir azob-uqubat chekib yashashiga asoslangan hayotning timsoliga aylanadi. Chexov ijodining shu bosqichida koʻzga tashlangan tamoyillar 3-davrda yangi badiiy kuch bilan ifodalanadi. Chexovning „Boloxonali uy“, „Mening hayotim“ (1896) qissalari, „Ionich“ (1898), „Laycha yetaklagan xonim“ (1899) va boshqa hikoyalarida shu davrdagi rus jamiyatining anatomiyasi shafkatsizlik bilan ochib tashlandi. Bu asarlarda insonning lokaydligi mavzusi faqat maʼnaviy-psixologik rejada emas, balki ijtimoiy yoʻnalishda ham badiiy tadqiq etildi. Ch. turli tabaqa va ijtimoiy qatlamlarga nazar tashlab, oʻz qahramonining ruhiy uygʻonish, muhitga qarshilik koʻrsatish, hayotini qayta qurish qobiliyatini mugtasil ravishda tekshirib turadi.
Ch.ning dramaturgiya sohasidagi ijodi rus teatri taraqqiyotiga katta taʼsir koʻrsatdi. Yozuvchining nasriy asarlarida oʻz ifodasini topgan kishilar oʻrtasidagi ruhiy aloqalarning yoʻkdigi mavzusi uning sahna asarlarida ham turli shaklda talkin etilgan.
Chexov nasriy va dramaturgik ijodi bilan jahon adabiyoti taraqqiyotiga sezilarli taʼsir koʻrsatdi. Oʻzbek adabiyotida realistik xikoya janrining maydonga kelishi va Abdulla Qodiriy, Choʻlpon, Abdulla Qahhor hikoyanavislik ijodining shakllanishida Ch. anʼanalari ham muayyan omil boʻlib xizmat qilgan.
Chexovning eng yaxshi nasriy asarlari va pyesalari oʻzbek tiliga tarjima etilgan. Uning barcha mashhur pyesalari respublikadagi oʻzbek va rus teatrlarida sahnalashtirilgan.
Manbalar
[edit | edit source]- Tanlangan asarlar, 3j.li, T., 1957— 58;
- Polnoye sobraniye sochineniy, t. 1—30, M, 1973-83.
Adabiyot
[edit | edit source]- Berdnikov G. P., Chexov, M., 1978;
- Polotskaya E. A., A. P. Chexov i dvijeniye xudojestvennoy misli, M., 1979;
- Byaliy G. A., Chexov i russkiy realizm, M., 1981.
Naim Karimov.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |