Kontent qismiga oʻtish

Yusufiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Yusufiy (taxallusi; asl ismi: Yusuf ibn Muhammad ibn Yusuf Hiraviy) (XV asr oxiri, Hirot — 1544-yil, Hindiston) — forsigoʻy shoir, lugʻatshunos, tabib.

Tabobat ilmini otasidan oʻrgangan; Zahiriddin Boburning xos tabibi boʻlgan. Tibbiy, adabiy falsafiy mazmundagi 20 dan ortiq nasriy va nazmiy asarlar muallifi; ulardan 12 tasining qoʻlyozmasi Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar fondida saqlanadi. "Jomi ulfavoyid" ("Foydalar toʻplami", 1512), "Bahr uljavohir" ("Gavharlar dengizi"), "Favoyid ulaxyor" ("Yaxshilarga foydalar"), "Daloyili nabz" ("Tomir koʻrsatishlari"), "Qasida dar hifzi sihhat" ("Sogʻliqni saqlash haqida qasida"), "Ayn ulhayot" ("Hayot mohiyati"), shuningdek, arabcha-forscha, hindiycha-forscha ilmiy lugʻatlar tarzida yaratilgan asarlari shu jumladandir. Yusufiyning qasida, masnaviy, qitʼa va ruboiylardan iborat "Jomiul-favoyid" asari xalq orasida "Tibbi Yusufiy" nomi bilan shuhrat qozongan. Asar Yusufning tabobat sohasidagi shaxsiy tajribalari hamda ustozlaridan olgan bilimlarga suyanib yozilgan va unda murakkab dorilar, kasallik alomatlari va davolash qoida usullari bayon qilingan. Ushbu asar 2 marta (1882, Xorazm — Mulla Muhammad Amin; 1898, Toshkent — Muhammad shoh ibn shoh Fayzullo) oʻzbek tiliga tarjima qilingan.

Yusufiyning "Munojot dar talabi ishq va muhabbat" ("Ishq va muhabbat istagida qilingan munojot"), "Anvor ulhikmat" ("Hikmat nurlari") asarlarida hayotiy masalalarga oid nasihatlar, falsafiy fikrlar bayon qilingan.

  • Irisov A., Nosirov A., Nizomiddinov I., Oʻrtaosiyolik qirq olim, T., 1961.