Masʼud ibn Usmon Koʻhistoniy
Masʼud ibn Usmon Koʻhistoniy (16-asr) — tarixchi olim. Dastlab shayboniylardan Abulxayrxonning oʻgʻli Suyunchxoʻjaxonning, uning vafotidan (1531) keyin Samarqand hukmdori Abdullatifxonning (1540—1451) bosh munshiysi boʻlgan. Masʼud ibn Usmon Koʻhistoniy fors tilida "Tarixi Abulxayrxoniy" ("Abulxayrxon tarixi") nomli asar yozgan. Unda Abulxayrxon hukmronligi davrida shayboniy va mangʻit uluslarining ijtimoiy-siyosiy ahvoli; Oʻzbek ulusining tashkil topishi va uning qoʻshni hududlarga uyushtirgan harbiy yurishlari bayon etilgan. Bu asar Dashti qipchoqdagi koʻchmanchi turkiy qabilalarning ijtimoiy-siyosiy hayotini oʻrganishda muhim manbadir. Asarda Oʻzbek ulusining temuriylar bilan boʻlgan munosabatlari (15-asr oʻrtalari), ularning temuriy sultonlar (Abu Said, Muhammad Joʻqi, Sulton Husayn va boshqalar) oʻrtalaridagi oʻzaro urushlarda qurolli aralashuvi va 16-asrning boshida Movarounnahr va Xurosonni Shayboniylar tomonidan bosib olinishi haqida maʼlumotlar bor. Asarda 30 ga yaqin turkiy qabila nomlari keltirilgan hamda Shayboniylarning qoʻshin tuzilishi, jumladan, chap (juvangʻar) va oʻng (barangʻar) qanotlari haqida maʼlumotlar keltirilgan. Asar nusxalari OʻzR Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida, Sankt-Peterburg va London kutubxonalarida mavjud[1].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Axmedov B. A., Istoriko-geograficheskaya literatura Sredney Azii XVI — XVIII vv. Pismennie pamyatniki, T., 1985.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |