Abdulloh ibn Abdulasad
Abdulloh ibn Abdulasad | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Vafoti |
milodiy 626-yil (hijriy 4-yil) |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | sahoba |
Abdulloh ibn Abdulasad (arabcha: عبد الله بن عبد الأسد — Abu Salama Abdulloh ibn Abdulasad ibn Hilol al-Qurashiy al-Maxzumiy) — sahoba.
Hayoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Payg‘ambarning ko‘kaldoshi va xolalari Barra bint Abdulmuttalibning o‘g‘li. Xotini Ummu Salama bilan birga avval Habashistonga, so‘ngra esa Aqaba bay’atidan bir yil avval Madinaga hijrat qilgan. Habashistondaligi vaqtida o‘g‘li Umar ibn Abu Salama tug‘ilgan. Quraysh qabilasidan Madinaga ilk hijrat qilgan Abdulloh ibn Abdulasadni payg‘ambar Ushayra g‘azotiga chiqayotgan vaqtida (hijriy 2-yil jumadus-soniy) Madinada o‘z o‘rnilariga vakil qilib qoldirgan. Abdulloh ibn Abdulasad Badr va Uhud g‘azotlarida qatnashgan va bu g‘azotda jarohatlangan. Bir oyga yaqin davolanganidan so‘ng, Qatan safarida Bani Asad ustiga jo‘natilgan o‘ttiz besh kishilik guruhga boshchilik qilgan. Hijriy 4-yil muharram oyida (milodiy 626) Tulayha ibn Xuvaylid rahbarligida mazkur qabila mushriklari Madinaga bostirib borishni rejalashtirib turgan vaqtda, ushbu Abu Salama sariyyasi yuboriladi. Dushman qochib ketib, musulmonlar o‘ljalarni qo‘lga kiritadilar. Madinaga qaytgach, Uhudda olgan jarohat oqibatida Abdulloh ibn Abdulasad vafot etadi. Ochiq qolgan ko‘zlarini payg‘ambar yopgan. O‘limidan keyin xotini Ummu Salamani payg‘ambar o‘z nikohlariga olganlar.
Abdulloh ibn Abdulasaddan rivoyat qilingan ikki hadis Ahmad ibn Hanbalning „Musnad“idan o‘rin olgan. Abdulloh ibn Abdulasadning Salama, Umar, Zaynab va Durra ismli farzandlari bo‘lgan[1].
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Ahmad ibn Hanbal. Musnad. IV, 278;
- Al-Voqidiy. Al-Mag‘āzӣ. I, 7, 340-346;
- Ibn Hishom. As-Sӣra. II, 468;
- Ibn Saʼd. At-Tabaqāt al-kubrā. III, 239-242; VIII, 87;
- Ibn Abdulbar. Al-Istӣ’āb. II, 338-339;
- Ibn al-Asir. Usd al-g‘āba. III, 294-296; VI, 152;
- Az-Zahabiy. Siyar. I, 150-153; Ibn Hajar. Al-Isāba. II, 335;
- Salahattın Polat. „Ebû Seleme el-Mahzûmî“. TDV İA. — İstanbul: 1994. X, 229;
- Alixonto‘ra Sog‘uniy. Tarixi Muhammadiy. — T.: „Movarounnahr“, 2017. 650, 670;
- Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Islom tarixi. — T.: „Hilol-nashr“, 2017. I, 223, 251, 261.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.
Ushbu maqolada Islom ensiklopediyasi (2020) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |