Abdulhodiy
Abdulhodiy | |
---|---|
Iogan Gustav Ivan Agueli | |
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Tavalludi | 1869-yil 24-may |
Vafoti |
1917-yil 1-oktabr |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | rassom, shoziliyya tariqati xalifasi |
Abdulhodiy — عبد الهادی (24.05.1869, Stokgolm −1.10.1917, Barselona) — shvesiyalik rassom, shoziliyya tariqati xalifasi.
Asl ismi — Iogan Gustav Ivan Agueli (John Gustaf (İvan) Aguyeli). 1917-yildan eʼtiboran Yevropada Islom tasavvufi va Ibn al-Arabiy taʼlimoti mutaxassisi sifatida tanilgan. Mutasavvif-mutafakkir Rene Guenon uning yordamida musulmon bo‘lgan. Rassomchilikka qiziqqani bois 1890-yilda Parij shahriga borib, rassom Emil Bernard (Emile Bernard)ning ustaxonasida ishlaydi. O‘sha paytda u „Sociyetye Thyeosophique“ (Teosof jamiyati)ga aʼzo bo‘lgan. Abdulhodiy 1892-yilda Marie Hout ismli shoira, faylasuf va jamiyatshunos ayol bilan tanishadi. U orqali anarxizmga mansub bo‘lganlar bilan yaqin muloqotda bo‘ladi.
Qamoqqa olinishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Politsiya qidiruvidagi anarxizm oqimiga mansub shaxsni uyida yashirgani uchun qamoqqa olinadi. Qamoqxonada arab, ibroniy va malay tillarini o‘rganadi.
Faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ozod bo‘lgach, 1894-yil Misrga safar qilib, u yerda peyzaj janrida ijod qila boshlaydi. 1895-yilda Parijga qaytib, Sharq tillari va madaniyatini tadqiq etishga kirishadi. „École des Langues Orientales“da arab va hind tillarini, „École Pratique des Hautes Études’te“da sanskrit tilini o‘rganadi. Ibn al-Forizning tasavvufiy qasidalarini sharhlagan ustozi Derenburg vositasida Islom dini va tasavvufini o‘rganadi. 1897-yilda Islom dinini qabul qiladi. 1898-yilda Buddizm bilan qiziqa boshlaydi. Hindistonga safar qilib, u yerda to‘qqiz oy bo‘ladi. 1902-yilda „Revue Blanche“ nomli jurnalda maqolalar chop ettiradi. „L’Initiation“ jurnalida „Islom haqida qaydlar“ sarlavhali maqolani boshlaydi, biroq tugallay olmaydi. U tasavvuf va Ibn al-Arabiy maktabining Gʻarbda ziyolilar tomonidan tan olinishida muhim rol o‘ynagan. 1901-yilda Enrico İnsabato ismli yosh italyan doktori bilan tanishadi. U bilan birga 1902-yilda Misrga safar qiladi. U yerda Sharq va Gʻarbni fikran bir-biriga yaqinlashtirishni iroda qilgan do‘stlar „İl Commercio İtaliano“ va „İl Convito“ nomli arab-italyan tillarida ikki gazeta chiqaradilar. Mazkur gazetalarda Islom tasavvufi bilan bog‘liq maqola va tarjimalar nashr qilinadi. 1907-yilda Misrdagi al-Azhar universiteti olimlaridan bo‘lgan molikiy mazhabi faqihi va shoziliy shayxi Abdurrahmon Ullaysh al-Kabirga (vafoti: 1349/1930-yil) ixlosmandlik qilib „Abdulhodiy“ ismini oladi. Abdulhodiy Shayx Ahmad Sharif ibn Muhammad as-Sanusiy kabi eʼtiborli shaxslar bilan tanishadi. As-Sanusiy unga italyanlar bilan munosabatini to‘xtatishni tavsiya etadi. 1909-yilda Parijga qaytadi. 1910-yil oxirlarida tanishgan Rene Guenon (Abdulvohid Yahyo) boshqargan „La Gnose“ jurnalida 1910-1912-yillar orasida uning Islom tasavvufi bilan bog‘liq tarjima va maqolalari chop etiladi. 1913-1914-yillarda yana Misrga safar qiladi. Inglizlar tomonidan maʼlum bo‘lmagan sabablar bilan Misrdan chiqarilganidan so‘ng (1915-yil) Ispaniyaga ketadi. U yerda surat chizish bilan mashg‘ul bo‘ladi.
Vafoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Abdulhodiy Barselona yaqinida poyezd ostida qolib vafot etgan[1].
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Paul Chacornac. La Vie Simple de Renye Guyenon. — Parij: 1958. 43-49;
- Jean Robin. Renye Guenon, Témoin de la Tradition. — Parij: 1978. 66-68, 207-208, 211, 238;
- Michel Chodkiewicz. Épître sur l’Unicité Absolue (Awhad al-Din Balyanı). — Paris: 1982. 17;
- Mustafa Tahrali. „Abdülhâdî (John Gustaf Aguéli)“. TDV İA. — İstanbul: 1988. I, 205-206.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.
Ushbu maqolada Islom ensiklopediyasi (2020) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |