Abbod ibn Sulaymon as-Saymariy
Abu Sahl Abbod ibn Sulaymon (Salmon) as-Saymariy | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | kalom olimi |
Abbod ibn Sulaymon as-Saymariy (arabcha: عباد بن سليمان الصيمري – Abu Sahl Abbod ibn Sulaymon (Salmon) as-Saymariy) – moʻtaziliy kalom olimlaridan.
Hayoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Nisbasidan saymaralik ekanini taxmin qilish mumkin. Saymara – biri Basradagi Maʼqil daryosi atroflarida, ikkinchisi Huziston bilan Diyorijabal orasida joylashgan ikki shaharning nomi. Ibn an-Nadim uni al-Basriy nisbasi bilan ham qayd etganiga koʻra, Abbod ibn Sulaymonning Basra atrofidagi Saymara shahridan ekanini aytish mumkin. Ammo uning Huziston yaqinidagi Saymara shahridan ekanligi haqida ham maʼlumotlar mavjud.
Abbod ibn Sulaymon dastlab Hishom ibn Amr al-Fuvotiyga shogird tushadi va uning fikrlarini oʻzlashtirib Abu-l-Huzayldan buyon davom etib kelayotgan Basra mu’taziliylarining asl tamoyillariga qarshi chiqadi. Shu sababli Abu Ali al-Jubboiy, uning oʻgʻli Abu Hoshim va Qozi Abduljabbor kabi mu’tazila olimlari tomonidan tanqidga uchraydi. Abu Hoshimning Abbod ibn Sulaymonni tanqid qilib, mustaqil asar yozgani maʼlum. Abbod ibn Sulaymonning Ibn Kullob al-Basriy bilan munozaralar qilgani va uning fikrlaridan kelib chiqib, uni nasroniylikda ayblagani ham rivoyat qilinadi.
Faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Abbod ibn Sulaymonning qarashlariga koʻra, sezgilar beshta emas, balki yettitadir. Alam va lazzatni his qilish ham ikkita alohida sezgilarga kiradi. Abbod ibn Sulaymon Allohning „Qadiym“ sifati uning zoti doimo bor boʻlganini ifodalashini aytgan va Allohdan avval biror-bir borliq boʻlmaganini rad etib, bunday qiyoslashning oʻzi joiz emasligini ilgari surgan. Allohning birligi sanoq, adad maʼnosida tushunilmaydi, faqatgina zotini maqtash uchun unga nisbatan „Vohid“ yaʼni „bir“ deb aytish mumkin. Shunga koʻra, Alloh Hayy, Olim va Qodirdir; faqat zotdan boshqa tushuncha yaʼni, sifat boʻlgan hayot, ilm va qudrat unga nisbat etilmaydi. Boshqa barcha ilohiy ismlarda ham xuddi shunday. Alloh bor boʻlishini bilgan barcha borliqlarni yaratishga qodirdir. Ammo Alloh haqida „U bor boʻlmasligini bilgan narsalarni yaratishga qodirdir“ deyilmaydi. „Alloh binafsihi yoki bizotihi Olim, Qodir va Tirikdir“ deguvchilarni rad etgan Abbod ibn Sulaymon, Allohga nisbatan nafs va zot kalimalarining qoʻllanilishiga qatʼiy qarshi chiqqan. Abbod ibn Sulaymon „Allohning yuzi, qoʻllari, koʻzlari va yoni (vajh, yad, ayn, janb) bordir“ deguvchilarni ham rad etib, bu kabi tashbehni ifodalagan sifatlarni oʻz ichiga olgan oyatlarni faqat Qur’on oyatlari oʻlaroq qiroat etish mumkinligi, ularning tafsir va taʼvil qilinadigan maʼnosi yoʻqligini ilgari suradi. Unga koʻra, yaratuvchi va rizq beruvchi (Xoliq, Roziq) kabi feʼliy sifatlarning qadiym yoki hodis boʻlgani haqida ham biror hukm chiqarish notoʻgʻri. Abbod ibn Sulaymon iymon, kufr, sharrni va insonlarning nazdida yomon sanalgan narsalarda Allohning yaratish kuchi mavjud emasligini daʼvo qilgan. Shuningdek, u Allohning oxiratda bandasiga beradigan savob evaziga bu dunyoda azob berishini yaxshi feʼl deb hisoblash mumkin deydi. Unga koʻra, nubuvvat, qilgan amallari uchun paygʻambarlarga berilgan mukofotdir. Hissiy moʻjizalar paygʻambarlikning dalili boʻlolmaydi. Chunki asoning ilonga aylanishi, oyning ikkiga boʻlinishi arazdir. Arazlar esa bu mavzuda dalil boʻlolmaydi. Gunoh ish qilgan kishi tavba qilsa ham, qilgan gunohining jazosidan qutula olmaydi.
Asarlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]- „Kitāb al-inkār ’an yaxluq an-nās af’ālahum“
- „Kitāb tasbӣt dalāla al-aʼrāz“
- „Kitāb isbāt al-juz’ allazӣ lā yatajazzaʼ“
- „Al-Abvāb“[1].
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Al-Ash’ariy. Maqālāt. – Wiesbaden: 1382/1963. 165-166, 180, 225-226, 246, 268, 467, 496, 640-641;
- Xayyot. Al-Intisār. – Bayrut: 1957. 69;
- Ibn al-Murtazo. Tabaqāt al-mu’tazila. – Bayrut: 1380/1961. 77;
- Ibn an-Nadim. Al-Fihrist. – Tehron: 1391/1971. 215;
- Qozi Abduljabbor. Al-Mugʻnӣ. – Qohira: 1962. 127, 179;
- Qozi Abduljabbor. Sharh al-usӯl al-xamsa. – Qohira: 1384/1965. 489, 625, 754;
- Al-Bagʻdodiy. Al-Farq. – Qohira: „Dor at-turos“, 161-162;
- Ibn Hazm. Al-Fasl. – Ar-Riyoz: 1402/1982. V, 63, 71;
- As-Subkiy. Tabaqāt. - Qohira: 1964-76. I, 299;
- Ibn Hajar. Lisān al-mӣzān. - Bayrut: 1390/1971. III, 229-230;
- W.Montgomery Watt. İslam düşüncelerinin teşekkül devri. – Anqara: 1981. 273, 277, 300, 357;
- W.Montgomery Watt „Abbad b. Sulayman“. EI2 (Ing.). I, 4-5; A. S. Tritton. Islam Kelami. – Anqara: 1983. 116-119; Mustafa Öz. „Abbâd b. Süleyman es-Saymerî“. TDV İA. – İstanbul: 1988. I, 12-13.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.
Ushbu maqolada Islom ensiklopediyasi (2020) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |